Pullik reklama sotib olish

Obunachilar jalb qilishning eng tez usuli bu – Reklama sotib olish. Siz hohlagan joydan reklama sotib olishingiz mumkin. Telegram kanallardan, ijtimoiy tarmoqlardagi blogerlardan yoki saytlardan. Asosiy maqsadimiz kamroq xarajat qilib, ko`proq obunachilarni jalb qilish.

Reklama sotib olish vaqtida eng asosiy qoidalarni bilmagan adminlar, byudjetni 70% ini sifatsiz kanallarga sarflaydilar. Shu sababli, xarajat qilishdan oldin bu maqolani yaxshilab o`qib chiqing.

Reklama sotib olish qoidalari

Reklama sotib olishda, doim siz bilan tematikasi o`xshash yoki yaqin kanallardan reklama sotib oling. Chunki, bu kanallarda auditoriya shakllangan va sizning kanalingizga qiziqish ehtimollari baland bo`ladi.

Reklama sotib olishdan avval kanalni yaxshilab analiz qiling. Nakrutka yoki botlar orqali namoyishlar ko`paytirilgan bo`lsa, umuman reklama sotib olmang.

Reklamani iloji boricha telegram kanallardan sotib olishga harakat qiling. Ikkinchi o`rinda Instagram turadi.

Birinchi reklamani sotib olish

Kanalingiz yangi va unda bir nechta post bor. Siz ishtiyoq bilan yangi obunachilarni jalb qilish istagida reklama sotib olishni boshlaysiz. Kanalingizga reklama orqali o`tgan obunachilar siz joylagan oxirgi 3-5 ta postga ko`zlari tushadi. Agar postlaringiz ularni qiziqtira olsa, lentani yuqorilab ketib, oldingi postlarni ham o`qib chiqishadi.

Aks xolda 2 ta yo`l bor:

  •  Kanalni o`qishadi, obunachiga aylanishadi va keyingi 1 hafta davomida chiqib ketishadi
  • Kanalni o`qishadi, qiziqishadi va uzoq muddatli obunachiga aylanishadi.

Bizning maqsadimiz, kanalga kirgan obunachini ushlab qolish.

Shuning uchun, reklama sotib olishdan oldin kanalga eng qiziqarli va e`tiborni tortadigan 5 — 7 ta postlarni joylash lozim. Agar kanalingiz media yoki yangiliklar tematikasida bo`lsa 15 tadan post yozish kerak.

Reklama sotib olingan kuni yangi postlarni yozmay turgan ma`qul. Keyingi kunni ham o`ylash lozim. Yangi obunachilar kanalingizga a`zo bo`lishdan afsuslanmasliklari uchun keyingi kundagi postlarni ham eng zo`rlarini joylang.

Bu qiziq:

 Reklama yasash sirlari

Reklama sotib olish jarayonida statistika uchun jurnal tuting. Unda qaysi kanaldan qancha narxga reklama sotib olganingiz va nechta yangi obunachi qo`shilganini yozib yuring.

Reklama sotib olish strategiyasi

Reklama sotib olishning ikki xil yo`li bor.

  • Bir nechta mayda kanallardan optom reklama sotib olish
  • Yirik(obunachilari ko`p) kanaldan sotib olish

Ikkisining ham o`ziga yarasha foydali tomonlari bor. Agar obunachilaringiz soni 1000 tadan kam bo`lsa, bir nechta mayda kanallardan reklama sotib olganingiz ma`qul.

Agar kanalingiz obunachilar 5-10 ming bo`lsa, unda yirik kanallar bilan o`ynash kerak. Bir nechta o`xshash tematikali kanallardan bir vaqtda reklama sotib olish juda yaxshi natija beradi. Faqat statistikani olib borish qiyinlashadi. Chunki, reklama 1 kunda bir nechta joydan reklama sotib olasiz.

Reklama qanchalik ish berdi ?

Afsuski, telegramda sizni reklamangizga nechta odam bosgani ko`rinmaydi. Shu sabab, statistikani o`zimiz tuzishimiz kerak.

Bizga kerak bo`ladigan ko`rsatkichlar:

  • Reklama postingiz namoyishlari
  • Kanalingizga yangi kelgan obunachilari
  • Kanalga yozgan oxirgi postingiz namoyishlari.

Deylik, biz reklamani 24-dekabrda sotib oldik va u kanalda soat 10:00 da chiqadi.

Kanalimizda 100 ta obunachi bor va kunlik postlar namoyishi o`rtachasi 65 ta. Reklama sotib olgandan so`ng, kanalga yangi post yuklamay turamiz.

Reklamamiz ishga tushdi va 24 soat uchida 25-dekabr soat 10:00 gacha :

  • Yangi 30 ta obunachi qo`shildi
  • Kanalga joylangan oxirgi postning namoyishi 180 ta
  • Reklama postingizni 800 ta odam ko`rgan.
  • Reklama sotib olgan kanalingizda 2000 ta obunachi bo`lgan.

Endi xulosa qilamiz:

Oxirgi postingiz – o`rtacha postlaringiz namoyishi = 180 – 65 = 115 ta yangi namoyish. Demak, reklama postingizni 800 ta odam ko`rganu, unga 115 ta odam bosib ko`rgan.

Kanalingizga kirgan 115 ta odamdan 30 tasi obunachiga aylangan. 

Agar yangi namoyishlar (115ta) reklama postingiz namoyishlari (800 ta) ga nisbatan judayam past bo`lsa:

  • Reklama buyurtma bergan kanalingiz aktiv emas
  • Reklama postingiz sifatli emas va u yetarlicha obunachilarni jalb qila olmagan.
  • Sizga tematikasi yaqin bo`lmagan kanaldan reklama sotib olgansiz va u kanal auditoriyasiga to`g`ri kelmagan.

Agar yangi namoyishlar (115 ta) bo`lib, kanalingizga kirgan yangi obunachilar (30 ta) kam bo`lsa:

  • Kanalingiz yangi obunachilar uchun qiziq emas
  • Reklama postingiz kanal mavzusiga to`g`ri kelmagan. Obunachilar aldangan

Eng qizig`i, reklama sotib olgan kanalingizda 5000 ta odam, lekin reklama postingizni 1000 ta odam ko`rgan bo`lsa, unda siz nakrutka qilingan kanaldan reklama sotib olgan bo`lasiz.

Reklama sotib oling va natijani yuqoridagi xulosalarga solishtirib ko`ring. 

Manba: webology.uz